Home \ SULFAPRIM TABLETKA

SULFAPRIM TABLETKA

sulfaprim__50tab.jpg

1. UMUMIY MA’LUMOTLAR

1.1 «Sulfaprim» - antibakterial preparat bo’lib, uning tarkibidagi ta’sir etuvchi moddalari sulfamerazin va trimetoprimdir.

1.2 «Sulfaprim» kukun, tabletkalar va granulyat shaklida chiqariladi. Tashqi ko’rinishiga ko’ra oq rangli yoki sariq tusli oqish rangli, dumaloq shakldagi tabletkalar. Har bir tabletka tarkibida 0.48 g faol modda (0,4 g sulfamerazin va 0,08 g trimetoprim) mavjud.

1.3 Preparatni o’rab qadoqlash: tabletkalar – nur o’tkazmaydigan polimer bankalarga 50, 100, 250, 500, 1000 donadan, yoki majmuiy materiallardan tayyorlangan blisterlarga - 10-50 donadan qadoqlab o’raladi.

1.4 Preparat ehtiyotlik bilan (B ro’yxati bo’yicha) quruq, yorug’likdan pana joyda, bolalar yeta olmaydigan joyda, 0°C dan +25°C gacha bo’lgan haroratda saqlanadi. Belgilangan saqlash sharoitlariga rioya qilingan holda yaroqlilik muddati – ishlab chiqarilgan sanasidan 2 yil.

 

2. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
2.1 Preparatning tarkibiga kiruvchi sinergik ta’sir etuvchi tarkibiy moddalar uning mikroblarga qarshi yuqori faolligini belgilab beradi. Preparat ko’pchilik gram-musbat va gram-manfiy mikroorganizmlarning, shu jumladan salmonellalar, pasterellalar, esherixiyalarning rivojlanishini to’xtatadi, lekin zamburug’lar va viruslarga nisbatan faol ta’sir etmaydi. Preparat mikroorganizmlarda foliy kislotasining biosintez jarayonini buzadi.

2.2 Og’iz orqali ichilganda preparat oshqozon-ichak tizimidan oson so’riladi va a’zolarga va to’qimalarga kirib o’zlashib, bakteritsid ta’sir ko’rsatadi. Qondagi maksimal konsentratsiya miqdori kiritishdan keyin 2-4 soat o’tganda qayd etiladi. Davolaydigan konsentratsiyasi qonda 12 soat davomida saqlanadi. Preparat asosan siydik bilan chiqariladi.

 

3. QO’LLASH TARTIBI
3.1 «Sulfaprim» yosh qishloq xo’jalik hayvonlariga, qo’ylar va shimoliy bug’ularning pnevmoniyalari, kataral bronxopnevmoniya, bronxit, laringit, angina, sepsis, nekrobakterioz kasalliklarida, parrandalarning dispepsiya, gastroenteritlar, siydlik yo’llari yuqumli kasalliklari, salmonellyoz, pasterellyoz, respiratorli mikoplazmoz, eymerioz kasaliklarida, va qo’zg’atuvchilari preparatning tarkibiy qismlariga sezgir bo’lgan boshqa kasalliklarda qo’llanadi.

3.2 Preparat 4-6 kun davomida sutkasiga 2 marta,  hayvonning 15 kg tana vazniga 1 tabletka hisobidan ichish uchun belgilanadi, bu 1 kg tana vazniga 30 mg faol substansiya miqdorida to’g’ri keladi. Tabletkalar yem, ichimlik suvi bilan beriladi yoki bevosita hayvonning til ildiziga beriladi. Davolash jarayonida hayvonlarga suvni bemalol ichish imkoniyati beriladi. Parrandaga 3-5 kun davomida kuniga 2 marta, 12 soat oralig’ida 5 kg yemga 1,0 g hisobida belgilanadi. Sulfaprim antibiotiklar bilan birga qo’llanishi mumkin. Bu holda preparatlarning mikroblarga qarshi ta’sir doirasi va terapevtik xususiyatlari ancha yaxshilanadi.

3.3 Tavsiya etiladigan dozalarda nojo’ya ta’siri odatda kuzatilmaydi. Hayvonlarning sulfanilamidlarga yuqori individual sezgirligi bo’lganda ishtaha yo’qolishi, ich ketishi va qusish bo’lishi mumkin. Bu holda preparatni qo’llash to’xtatiladi.

3.4 Qon hosil qilish a’zolarining kasalliklari, o’tkir gepatit, nefrit va preparatning tarkibiy moddalariga yuqori sezgirlik holatlarida sulfaprim qo’llanishi taqiqlanadi. Preparat sut emizayotgan hayvonlarga qo’llash taqiqlanadi.

3.5 Hayvonlarni go’sht olish uchun so’yish preparatni oxirgi kiritishdan keyin 7 kun, parrandani 12 kun o’tganidan so’ng ruxsat etiladi. Majburan hollarda ko’rsatilgan muddat tugashidan avval so’yilgan hayvonlarning go’shti etxo’r hayvonlarni ovqatlantirish uchun yoki go’sht-suyak unini ishlab chiqarish uchun ishlatiladi. Preparatni oxirgi kiritishdan keyin kamida to’rt sutka o’tganda hayvonlardan olingan sutni kishilarning oziq-ovqat maqsadlari uchun ishlatish taqiqlanadi. Ushbu muddat o’tishidan avval olingan sut qaynatib, hayvonlarni ovqatlantirish uchun ishlatiladi.  

 

4. E’TIROZLARNI BILDIRISH TARTIBI
4.1 Preparat mazkur Yo’riqnomaning talablariga mos kelmagan holda, uni qo’llash to’xtatiladi, bu haqda O’zbekiston Davlat veterinariya preparatlarining ilmiy-nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil bo’yicha bildiriladi: 700178, Toshkent shahri, A.Yunusov ko’chasi, 1a-uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30- 47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Ayni paytda laboratoriya manziliga laboratoriya bilan avvaldan kelishilgan miqdorda preparatning ochilmagan o’ramlari, va preparatning Yo’riqnoma talablariga mos kelmasligi xususiyatlarining batafsil ta’rifi yuboriladi.

 

bo'limga qaytish