Home \ KALSIY XLORID-10%

KALSIY XLORID-10%

kalciyxlorid.jpg
1. UMUMIY MA’LUMOTLAR
1.1 «Kalsiy xloridning 10% eritmasi»

1.2 Preparat mexanik aralashmalari bo’lmagan shaffof, rangsiz yoki och sariq rangli suyuqlikdir.

1.3 Preparat shisha flakonlarda 50, 100, 200, 250 va 450 ml dan qadoqlangan holda ishlab chiqariladi.

1.4 Preparat quruq, yorug’likdan pana joyda, +5oC dan +25oC gacha haroratda saqlanadi. Preparatning belgilangan saqlash sharoitlariga rioya qilingan holda yaroqlilik muddati – ishlab chiqarilgan sanasidan 3 yil.

2. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
2.1 Kalsiy xlorid organizmning hayotiy faoliyatida muhim o’rin tutadi. U retikuloendotelial tizimni va leykotsitlarning fagotsitar funksiyasini faollashtiradi, simpatik asab tizimining tonusini oshiradi, adrenalin ajralishini oshiradi, ko’p fermentlar ishlab chiqarilishini tezlashtiradi.

2.2 Kalsiy ionlari skelet mushaklari va yurak mushaklarining qisqarishi, suyak to’qimalarining shakllanishi, qonning ivishi uchun zarur bo’ladi. Kalsiy ionlari qon tomirlari devorlarini zichlashtirib, shu bilan yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatadi va shishlar rivojlanishining oldini oladi. Kalsiy qon ivishi jarayonida ishtirok etadi, prototrombin trombinga aylanishiga ko’maklashadi.  

 

3. QO’LLASH TARTIBI
3.1 Kalsiy xloridning 10% eritmasi:
- pnevmoniya, plevrit, peritonit, jigarning toksik shikastlanishlari, parenximatoz gepatit, nefrit holatida, nurlanish kasalligida, o’pka toksik shishlari, o’pka giperemiyasi va shishlari, halqum shishlari, cho’chqachalaring shish kasalligi holatida yallig’lanishga qarshi vosita;
- burun, o’pka, bachadondan qon ketish va jarrohlikdan keyingi qon ketishda qon to’xtatuvchi vosita;
- allergik kasalliklarda (astma, otlarning qon zardob kasalliklari, teri qichishishi, qon dog’ kasalligi, otlarda va yirik qoramolda surunkali eshak yemi) va dori vositalarini qo’llashdan keyin allergik asoratlar holatida sezgirlikni kamaytiruuvchi vosita;
- itlarda vegetativ nevrozlar, ekzamsiya, sigirlarda atsetonemiya, otlarda paralitik mioglobinuriya holatida tinchlantiruvchi va asab tizimini me’yorga soluvchi vosita sifatida qo’llanadi. Preparat hayvonlarda akusherlik-ginekologiya amaliyotida, endometrit, metrit holatida, tug’ruq faoliyatini rag’batlantirish, ushlab qolingan yo’ldosh ajralishini tezlatish, homila tushib qolishining oldini olish uchun, sigirlarda tug’ruq parezlari, tug’ruqdan keyingi gematuriya holatida qo’llanadi. Preparat old qorin gipotoniyasi va atoniyasi, gemorragik gastroenterit, shuningdek yosh hayvonlarning tetaniyasi holatida, qondagi kalsiy miqdorini oshirish va tomir tortishish xurujlarini yo’q qilish uchun ishlatiladi. Preparat shuningdek magniy tuzlari, oksalat kislotasi, ftor va oksalat kislotasining eruvchan tuzlari, osh tuzi bilan zaharlanganda zaharni kesuvchi vosita sifatida tayinlanadi.

3.2 Kalsiy xloridning 10% eritmasini sekin, tomir ichiga kiritish lozim. Maksimal bir martalik dozalari (1 ta hayvonga ml):  

- otlarga:                                  100-300
- yirik qoramol:                         150-400
- mayda shoxli mol:                  10-30
- cho’chqalarga:                        10-30
- itlarga:                                   5,0-15  

3.3 Surunkali kasalliklarda kalsiy xloridning 10% eritmasini antigistamin preparatlar bilan birga qo’llash tavsiya etiladi.

3.4 Nojo’ya ta’siri. Tavsiya etilgan dozalarida va to’g’ri usulda kiritilganda preparat hayvonlarda nojo’ya ta’sirlarni va asoratlarni keltirib chiqarmaydi. Tez kiritilganda yurak qorinchalari fibrillyatsiyasi paydo bo’lishi mumkin.

3.5 Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar. Preparatni teri ostiga yoki mushak ichiga kiritish mumkin emas, chunki bu to’qimalarning kuchli achishishi va nekroziga olib keladi. Agar preparat muvaffaqiyatsiz kiritilganda uning bir qismi teri ostiga kirib qolsa, to’qimalar nekrozining oldini olish uchun inyeksiya joyining atrofiga natriy xloridning 0,9% izotonik eritmasini ko’p miqdorda kiritish lozim. Kalsiy xloridning 10% eritmasini kiritish trombozlarga moyillik bo’lganda, qonda kalsiyning miqdori ko’p bo’lganda mumkin bo’lmaydi.

3.6 Hayvonlarni so’yish va chorvachilik mahsulotlarini oziq-ovqat maqsadida ishlatish yuzasidan cheklashlar yo’q.  

 

4. E’TIROZLARNI BILDIRISH TARTIBI
4.1 Preparat mazkur Yo’riqnomaning talablariga mos kelmagan holda, uni qo’llash to’xtatiladi, bu haqda O’zbekiston Davlat veterinariya preparatlarining ilmiy-nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil bo’yicha bildiriladi: 700178, Toshkent shahri, A.Yunusov ko’chasi, 1a-uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30- 47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Ayni paytda laboratoriya manziliga laboratoriya bilan avvaldan kelishilgan miqdorda preparatning ochilmagan o’ramlari, va preparatning Yo’riqnoma talablariga mos kelmasligi xususiyatlarining batafsil ta’rifi yuboriladi.

 

bo'limga qaytish