Home \ IVERMEKTIN-10

IVERMEKTIN-10

ivermektin__50ml.jpg
1. UMUMIY MA’LUMOTLAR
1.1 «Ivermektin-10».

1.2 Preparat tashqi ko’rinishiga ko’ra shaffof, rangsiz yoki och sarg’ish rangli, steril eritmadan iborat.  1 ml preparat tarkibida 10 mg ivermektin (1%) maxsus organik erituvchi ichida, va qo’shimcha komponentlar (konservantlar, antioksidantlar) mavjud.

1.3 «Ivermektin-10» shisha flakonlarda 10, 20, 50, 100 va 200 ml dan qadoqlangan holda ishlab chiqariladi.

1.4 Preparat ehtiyotlik bilan (B ro’yxati bo’yicha) ishlab chiqaruvchining  o’ramida, quruq, yorug’likdan pana joyda, issiqlik manbalari va alangadan uzoqda, 0°C dan +25°C gacha haroratda saqlanadi. Saqlash qoidalriga rioya qilish sharti bilan yaroqlilik muddati – ishlab chiqarilgan sanasidan 2 yil.
2. FARMAKOLOGIK XUSUSIYATLARI
2.1 Preparat oshqozon-ichak tizimi va o’pka nematodalari, teri osti, burun-halqum va oshqozon so’nalarining lichinkalari, qon so’ruvchi bitlar va sarkoptoid kanalarning lichinka va voyaga yetgan bosqichlariga kuchli parazitlarga qarshi ta’sir ko’rsatadi.

2.2 Ivermektin gamma-aminomoy kislotasining tormozlash neyromediatorini ishlab chiqarishni kuchaytiradi, bu parazitlarning nerv impulslarini uzatish buzilishiga, falajiga va o’limiga olib keladi.

2.3 Preparat kiritish joyidan tez so’riladi, hayvonning a’zolari va to’qimalarida taqsimlanadi, 10-14 kun davomida parazitni qiruvchi ta’sirini ta’minlaydi.

2.4 Ivermektin issiq qonli hayvonlar uchun tavsiya etilgan dozalarida kam zaharli, va sensibilirlovchi, embriotoksik, teratogen va mutagen ta’sir ko’rsatmaydi. Ivermektin organizmdan siydik va o’t bilan, sut emizayotgan hayvonlarda shuningdek sut bilan chiqariladi.  

 

3. PREPARATNI QO’LLASH TARTIBI
3.1 «Ivermektin-10» hayvonlarga araxno-entomozlar va nematodozlarda davolash va profilaktika maqsadida belgilanadi:
- yirik qoramolga - strongilyatozlar, trixotsefalyoz, strongiloidoz, telyazioz, sifunkulyatozlar, gipodermatoz, psoroptoz, sarkoptoz va xorioptoz holatida;
- mayda shoxli molga (qo’ylar va echkilar) - diktiokaulyoz, protostrongilyoz, myullerioz, gemonxoz, ostertagioz, nematodiroz, marshallagioz, kooperioz, xabertioz, ezofagostomoz, bunostomoz, trixotsefalyoz, strongiloidoz, malofagoz, estroz, psoroptoz va xabertioz holatida;
- cho’chqalarga - trixotsefalyoz, askaridoz, metastrongilyoz, ezofagostomoz, strongiloidoz, stefanuroz, gematopinoz va sarkoptoz holatida;
- otlarga - paraskaridoz, oksiuroz, strongilyatozlar, gastrofilyoz va sarkoptoz holatida;
- itlarga va mushuklarga – toksokaroz va toksaskarioz, ankilostomoz va unsinarioz, notoedroz, sarkoptoz va demodekoz holatida.

3.2 Preparat hayvonlarga aseptika qoidalariga rioya qilgan holda teri ostiga kiritiladi. Cho’chqalarga – bo’yni yoki sonining ichki yuzasi sohasiga, boshqa hayvonlar turlariga – sag’ri yoki bo’yni sohasiga quyidagi dozalarda: - yirik qoramol va mayda shoxli molga, otlar, itlar, mushuklarga – hayvonlarning 50 kg tana vazniga 1,0 ml dan (1 kg vazniga 0,2 mg ivermektin) bir marotaba. Og’ir sarkoptoidoz kasalligi holatida dori bilan ishlov berish ikki marotaba, 8-10 kun oralig’i bilan o’tkaziladi; - cho’chqalarga - hayvonlarning 33 kg tana vazniga 1 ml dan (1 kg vazniga 0,3 mg ivermektin) bir marotaba. Og’ir sarkoptoz kasalligi holatida dori bilan ishlov berish ikki marotaba o’tkaziladi. Agar dozaning umumiy kiritiladigan hajmi 10 ml dan oshsa, preparat hayvonning ikkita turli joyiga kiritilishi kerak. Mayda hayvonlarga aniq doza berish uchun preparatni kerakli darajada steril suv bilan suyultirish mumkin.

3.3 Nematodalarga qarshi preparat hayvonlarga molxonada boqishga qo’yishdan avval va bahorda, yaylovga olib chiqishdan avval, so’na lichinkalariga qarshi – so’nalar mavsumi tugashi bilan, araxno-entomozlar qo’zg’atuvchilariga qarshi – qo’llash lozim bo’lganda, qo’llanadi.

3.4 Alohida ko’rsatmalar. Preparatning har bir partiyasi avval hayvonlarning kichik guruhida (7-10 bosh) sinaladi. 3 kun davomida asoratlar bo’lmaganda, barcha mollarga dori berish boshlanadi.

3.5 Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar. Boshqa gelmintlarga qarshi vositalar bilan bir vaqtda qo’llash mumkin emas. Holsiz va kasal hayvonlarga, shuningdek homilador hayvonlar tug’ruqqacha 28 dan kam kun qolganda dori berilishi mumkin emas. Preparat itlarga va mushuklarga tug’ruqdan 2 hafta oldin va keyin, Kolli, Shelti, Bobteyl zotli itlarga va 6 oygacha yoshdagi itlarga qo’llanmaydi. Sog’iladigan sigirlarga «Ivermektin-10» qo’llanishi ruxsat etilmaydi.

3.6 Nojo’ya ta’siri. Preparatga yuqori individual sezgirlik bo’lganda, ba’zi hayvonlarda qo’zg’aluvchanlik, so’lak oqishining kuchayishi (itlarda qusish), ich ketishi va tez-tez siyish, ataksiya kuzatiladi. Ushbu belgilar, odatda, o’z-o’zidan, terapevtik dorilar qo’llanmagan holda o’tib ketadi.

3.7 Preparat bilan ishlov berilgan hayvonlarni go’sht olish uchun so’yish preparatni qo’llashdan keyin kamida 28 kun o’tganidan so’ng ruxsat etiladi. Majburan hollarda ko’rsatilgan muddat tugashidan avval so’yilgan hayvonlarning go’shti etxo’r hayvonlarni ovqatlantirish uchun ishlatilishi mumkin. Preparat bilan ishlov berilgan hayvonlardan olingan sutni preparatni oxirgi kiritishdan keyin 7 kun davomida oziq-ovqat maqsadlari uchun ishlatish taqiqlanadi. Bunday sut hayvonlarni ovqatlantirish uchun ishlatilishi mumkin. 

 

4. EHTIYOT CHORALARI
4.1 Preparat bilan ishlaganda, veterinariya preparatlari bilan ishlashda ko’zda tutiladigan shaxsiy gigiyena choralariga va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilish lozim. Preparat bilan barcha ishlarni maxsus kiyimdan (xalat, bosh kiyimi, rezina qo’lqop) foydalanib bajarish lozim. Preparat teriga yoki shilliq pardalarga tasodifan tekkan holda, uni darhol ko’p miqdordagi suv bilan yuvish kerak. Ishlash paytida ichish, chekish va ovqat yeyish taqiqlanadi.

4.2 Ish tugaganidan keyin qo’llarini sovun va iliq suv bilan yaxshilab yuvish; qo’lqoplarini yuvish va quritish lozim.

4.3 Preparatning bo’sh flakonlari natriy gidroksidning 5%-lik eritmasiga 24 soatga botiriladi.

4.4 Preparatning idishini boshqa maqsadlar uchun ishlatish taqiqlanadi. 

 

5. E’TIROZLARNI BILDIRISH TARTIBI
5.1 Preparat mazkur Yo’riqnomaning talablariga mos kelmagan holda, uni qo’llash to’xtatiladi, bu haqda O’zbekiston Davlat veterinariya preparatlarining ilmiy-nazorat laboratoriyasiga quyidagi manzil bo’yicha bildiriladi: 700178, Toshkent shahri, A.Yunusov ko’chasi, 1a-uy. Tel./faks: 228-76-14, 229-30- 47. E-mail: uzgnkl@rambler.ru. Ayni paytda laboratoriya manziliga laboratoriya bilan avvaldan kelishilgan miqdorda preparatning ochilmagan o’ramlari, va preparatning Yo’riqnoma talablariga mos kelmasligi xususiyatlarining batafsil ta’rifi yuboriladi. 

 

bo'limga qaytish